O’zlashtirishingiz kerak bo’lgan muhim narsalar
1. Katta maqsadlar qo'yishni o'rganish. Hayotda eng muhim narsalardan biri maqsad qo'yishni va unga yetishishni o'rganishdan iborat. Maqsadi bor kishilarda doim intilish va harakatchanlik bo'ladi. Kishi har xil ta'sirlar ostida yashaydi, ulardan biri o'tmishdagi xatolar, yo'qotishlar bo'lishi mumkin. Yana biri esa o'zini boshqalar bilan solishtirish orqali o'z yo'lidan chalg'ishda ko'rinadi. Agar sizning hayotingizda aniq va katta maqsadlar bo'lsa, ular sizni oldinga, kelajakka tortadi. Maqsad qanchalik katta va aniq bo'lsa u sizni shunchalik kuchli rivojlanishga undaydi. Maqsadli bo'lishning yana bir yaxshi tomoni, u sizni hayotdagi qiyinchilik va sinovlardan osnroq o'tishingizda ko'makchi bo'ladi. Agar sizda buyuk maqsad va orzular bo'lmasa omadsiz bir kun ham sizni qattiq tushkunlikka tushirib qo'yishi hech gap emas. Demak siz katta, aniq, buyuk maqsadlar qo'yishni o'rganishingiz zarur. Kunlik, haftalik, oylik, yillik , 5, 10 va hatto 100 yillik rejalar, maqsadlar qo'ying va ular sari intiling. Yana bir narsa, muhimi maqsadga erishish emas balki maqsad yo'lida qanday odamga aylanishingiz, buni unutmang!
2. O'ziga bo'lgan ishonch. Kishining o'ziga ishonchi qayerdan va qanday ortadi? Birinchidan, o'zingizni yaxshi his qilish orqali. Odam o'zini qachon yaxshi his qiladi, qachonki o'z vaqtidan va imkoniyatlaridan unimli foydalanolsa, kun oxirida nimadirga erishganini his qilsa, maqsadlari sari oldinlayotganini sezsa. O'z-o'zidan o'ziga bo'lgan ishonch ham ortib boradi. Beparvo bo'lmaslik ham kishining o'ziga ishonchini orttiradi. Har kunlik kichik yumushlarda ham e'tiborli bo'lish orqali, yani va'da berdingizmi bajaring, uchrashishga kelishdingizmi vaqtida boring, har bir kichik harakatlaringizga ham beparvolik qilmang, ularni o'zingiz rejalashtirganday bajarishga urining. Bajarolmasangiz ham o'zingizning bor imkoniyatingizni ishga soling. Sog'lom bo'lishlik, bu ham o'ziga ishonchning yuqori bo'lishiga yana bir omil. Sog'ligingizga e'tiborli bo'ling, tartibli ovqatlaning, muntazam sport bilan shug'ullaning. Kishining o'ziga bo'lgan ishonchi yuqori bo'lsa, qiyinchiliklar kelganda yo'lidan to'xtamaydi!
3. Ekspert bo'lishga intilish. Kishi doim o'z sohasida eng kuchli ekspert darajasiga chiqishga harakat qilishi lozim. Har doim o'z ustida ishlashi, yangiliklarni o'rganishi, o'sishi kerak. Doimo izlanishda va o'rganishda bo'lish kishini maqsadlari sari yetaklaydi hamda o'ziga bo'lgan ishonchini orttiradi.